AQSh-Eron ziddiyati: Tramp Eron generalining o’limini olqishladi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Eronning Quds harbiy kuchlari qo’mondoni general Qosim Sulaymoniyning o’ldirilishini olqishlab, bu allaqachon qilinishi lozim bo’lgan ish edi, dedi.

U, shuningdek, agar Tehron amerikaliklarni nishonga olishda davom etsa, Eronga qarshi hujumlar yana bo’lishi haqida ogohlantirdi.

“Biz kecha urushni to’xtatish uchun chora ko’rdik. Eron rejimining mintaqadagi agressiyasi, xususan, qo’shnilarni beqarorlashtiruvchi proksi jnagarilardan foydalanishi hoziroq to’xtashi kerak”, – dedi Tramp Floridadagi qarorgohida.

Tramp minglab amerikaliklar, iroqliklar va eronliklar o’limida Sulaymoniyni aybladi. Unga ko’ra, bu general Yaqin Sharqdan Yevropa va Amerikagacha yoyilgan terror tarmog’ini yuritishga yordamlashgan.

“Uning terror hukmronligi tugaganini bilishdan xursandmiz”, – dedi prezident.

“Biror joyda amerikaliklarga tahdid qilinsa, har qanday kerakli chorani ko’rishga hoziru nozirman”, – deya qo’shimcha qildi Tramp.

Quvaytga qo’shimcha kuchlar jo’natildi

Tramp bayonoti yangragan bir paytda AQShning Quvaytdagi harbiy bazasida amerikalik askarlar soni oshirildi. Eronning ehtimoliy qarshi hujumlaridan Amerika bazalari va fuqarolarini himoya qilish uchun Yaqin Sharq bo’ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

3-yanvar kuni 82-havo diviziyasining 750 askari Quvaytdagi Salim havo bazasiga olib kelindi. Bu yerga yana uch ming askar kelishi kutilmoqda.

Mudofaa vazirligiga ko’ra, qo’shimcha kuchlar ehtimoliy hujumlar xavfi oshgani uchun amerikaliklar va ularning manzillarini himoya qilish uchun kerak.

Bu orada Eron rasmiylari va Iroqdagi Eronga aloqador jangari guruhlar Sulaymoniy o’limi uchun qasos olinishini aytmoqda.

Sulaymoniy o’ldirilgan havo hujumida Iroqdagi Eron himoyasidagi guruh qo’mondoni o’rinbosari Abu Mahdi Muhandis ham halok bo’lgan.

Qasos da’volari yangramoqda

Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomeneiy mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilib, generalning o’limi uchun qattiq qasos olinishini bildirdi.

“Barcha dushmanlar bilsinki, qarshilik jihodi ikki karra ishtiyoq bilan davom etadi va muqaddas urushda jangchilarni muhaqqaq g’alaba kutmoqda”, – dedi u.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif AQSh hujumini “terrorchilik harakati” deb atadi.

Iroqning Kirkuk shahrida bir amerikalikning o’limiga sabab bo’lgan xuruj ortida turgan Kataib Hizbulloh guruhi AQSh bu ishi uchun “og’ir badal to’lashi” haqida ogohlantirdi.

“Amerika, sionist rejim va yovuzlik podshohliklari og’ir oqibatlarga mubtalo bo’ladi. Biz minglab Sulaymoniylarga, Abu Mahdislarga aylanishimizni ular bilmaydimi?”, – deyiladi guruh chiqargan bayonotda.

“O’xshash hujumlar”

“Biz yuz bergan hujumga o’xshash vaziyatlar va hujumlar bo’lishi mumkinlini kutyapmiz. Bu faqat Iroq yoki Yaqin Sharq bilan cheklanmasligi mumkin”, – deydi tahlilchi Kirsten Fontenrouz.

“Eron to’g’ridan to’g’ri hujum qilishdan ham tap tortmaydi. Elchixonalarimiz va u yerdagi diplomatlarimiz nishonga aylanishi mumkin”, – deya qo’shimcha qiladi u.

AQSh Iroqda besh ming, Yaqin Sharq bo’ylab esa 55 ming askarga ega. Bag’doddagi AQSh elchixonasi Amerika fuqarolarini Iroqni zudlik bilan tark etishga chaqirdi.

Shaharlardagi hushyorlik

Ba’zi AQSh shaharlarida ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Eron Hizbulloh kabi terror guruhlari orqali xorijda, xususan, Amerikada ham xurujlar amalga oshirishi mumkin, deydi rasmiylar.

General Qosim Sulaymoniy boshqargan Quds kuchlari Eron Inqilobiy gvardiya korpusining bir qismi bo’lib, AQSh o’tgan yili aprel oyida bu ikki bo’linmani Xorijiy terror tashkilotlari ro’yxatiga qo’shgan edi. Bunga ularning Yaqin Sharqda Hizbulloh va Hamas guruhlarini qo’llab-quvvatlagani sabab qilib ko’rsatilgan.

Iroqda 2003-2011-yillar orasida 600 dan ziyod amerikalik askar o’limida ham AQSh Eronning shu ikki harbiy bo’linmalarini ayblaydi.

  • Amerika Ovozi

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.