Ikki davlat chegarasida yuz bergan qurolli to’qnashuv ortidan 14-mart kuni Tojikiston va Qirg’iziston Prezidentlari Emomali Rahmon va Sooronboy Jeyenbekov telefon orqali vaziyatni muhokama qilib, voqeani xolis tergov qilish uchun qo’shma komissiya tuzishga kelishib oldi.
Embed share
Tojikiston-Qirg’iziston chegarasida ikki tomon aholisi to’qnashdi
No media source currently available 0:00 3:32 0:00 Yuklab oling
Ikki rahbar Tojikiston shimolidagi Isfara tumani Vorux va Chorkuh qishloqlari hamda Qirg’izistonning Botken oblastiga qo’shni bo’lgan Oqsoy qishlog’i fuqarolari orasida yuz bergan to’qnashuv xususida gaplashgan.
Suhbat paytida Jeyenbekov qurolli to’qnashuvda halok bo’lgan tojikistonliklar oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik, jarohat olganlarning tez sog’ayib ketishiga umid bildirdi.
Chegarada yuz bergan to’qnashuv ortidan ikki nafar Tojikiston fuqarosi Husayn Hakimov va Rafouddin Teshayev halok bo’lganligini Isfara tuman mahalliy ma’muriyati tasdiqladi.
Vorux kasalxonasi bosh shifokori Karima Hakimova har ikkisiga qurol o’qi tekkanini aytdi. Husayn Hakimov kasalxonada, Rafouddin Teshayev esa voqea joyining o’zida halok bo’lgan.
Ayni paytda Qirg’iziston tomonidan ham yaralangan bir fuqaroning ahvoli og’ir ekani ma’lum.
Har ikki tomondan turli jarohat olganlar soni esa yigirmadan oshadi.
Mojaro 13-mart kuni ikki davlat chegarasining bahsli hududida qirg?izistonliklar “Ko’ktosh-Oqsoy-Tamdiq” yo’l qurilishini boshlashi ortidan kelib chiqqan.
Tojikiston Chegara qo’shinlari Bosh boshqarmasidan berilgan ma’lumotlarga ko’ra, Vorux qishlog’i aholisi vakillari yo’l qurilishi ikki tomonlama hukumatlararo kelishuvlarga zid ekanini iddao qilib, norozilik namoyishiga chiqishgan.
Qirg’izistonliklar namoyishchilar qarshiligini qaytarishga uringan. Tez fursatda Tojikiston tarafidan 50 dan ortiq, Qirg’iziston tarafidan ham 70 ga yaqin odam to’plangan. Og’zaki aytishuvlar toshbo’ronga aylanib ketgan, ko’plar tan jarohati olgan, qurol ishga solingan.
To’qnashuvlarda harbiylar qatnashmagani, mahalliy aholi ov miltiqlaridan o’q uzgani aytilmoqda, bir necha kishining uy va omborxonalari yoqib yuborilgan.
Kelib chiqqan holat yuzasidan Qirg’iziston chegara xizmati «Isfara-Vorux» yo’lini yopib, Vorux anklaviga Tojikiston fuqarolari transportlari kirishini to’xtatishga qaror qilgan.
Vaziyatni muvozanatga keltirish uchun So’g’d viloyati raisi o’rinbosari Bahoviddin Bahodurzoda boshchiligidagi Tojikiston vakillari va Botken hukumati rahbarlari ishtirokidagi Qirg’iziston vakillari Isfara shahrining Zarafshon mahallasi hududida uchrashib, masalani muhokama qilgan.
Leave a Reply