Vazirlikka nomzod Mayk Pompeo Senat tasdig’idan o’tmoqda


AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori, sobiq kongressmen Mayk Pompeo davlat kotibi, ya’ni tashqi ishlar vaziri lavozimiga ko’rsatilgan. Terrorizm, qiynoqlar va Eron masalalari bo’yicha keskin qarashlari bilan tanilgan Pompeo bugun qonunchilar tomonidan savolga tutildi.

AQSh tashqi siyosati o’zgarishlar bo’sag’asida. Amerika va Shimoliy Koreya rahbarlari o’rtasida yuzma-yuz muloqot o’tishi kutilmoqda. Aniq sanasi belgilanmagan, lekin Oq uyga ko’ra, uchrashuv may yoki iyun oyida o’tadi.

“O’zaro hurmat asosida gaplashamiz. Shimoliy Koreyani yadro qurollaridan voz kechishga ko’ndiramiz, deb umid qilyapmiz”, – deydi Prezident Tramp.

Shimoliy Koreya, Xitoy va Eron to’g’risidagi avvalgi bayonotlariga qarab tahlilchilar Mayk Pompeoni diplomatiyaga emas, balki ko’proq AQSh kuchiga tayanishni ma’qul ko’radigan siyosatchi deb biladi.

“Pompeo Trampga qarshi yurmaydi – trampchi. Amerikada boshlangan millatchilik to’lqini vakili. Dunyoning boshqa mamlakatlarida ham millatchilik kuchayganini ko’ryapmiz”, – deydi tahlilchi Ariel Koen.

Oldingi Davlat kotibi Reks Tillerson bu lavozimda atigi bir yil xizmat qildi. Ko’p masalalarda Prezident Donald Tramp bilan kelisha olmagani ma’lum. Tramp uni o’tgan oy ishdan oldi. Pompeo, deydi sharhlovchi Stiven Pomper, Tramp bilan hamfikr.

“Davlat departamenti – tashqi siyosatni belgilaydigan idora, lekin Tillerson ishini uddalay olmagan, chunki prezident bilan yaqin emas edi, buni hamma bilardi. Tillerson xorijiy rahbarlar bilan uchrashganida, uning so’zlari prezidentniki bilan hamohangmi, yo’qmi, degan savol doim o’rtaga tashlanardi. Pompeo bilan bunday bo’lmaydi”, – deydi suhbatdosh.

Shimoliy Koreyadan tashqari yana bir muhim masala – Eronning yadro dasturiga doir xalqaro kelishuv taqdiri.

Demokrat qonunchilar va iste’fodagi diplomatlar fikricha, Mayk Pompeoning bosh diplomatlikka tayinlanishi bir necha davlat imzolagan bu kelishuvdan Amerika chiqishini anglatadi.

“Samara berayotgan bitimni uloqtirgandan keyin AQSh Shimoliy Koreya bilan muzokarada ustun kelmoqchimi? Qani mantiq? Aksincha, Kim Chen Un so’zida turmaydigan rahbar bilan qanday qilib hujjat imzolayman, deb o’zidan so’rashi kerak”, – deydi sobiq diplomat Tomas Kantrimen.

Trampdan farqli o’laroq, Pompeo Rossiya 2016-yilgi prezidentl saylovlariga aralashgani haqida ochiq gapiradi.

“Rossiya bu qora ishlarni qilganiga, kiber hujumlar bilan AQSh demokratiyasiga ta’sir etishga harakat qilganiga shubha yo’q”, – deydi u.

AQSh-Rossiya aloqalari hozir o’ta tarang. Suriyada yana bir kimyoviy hujum ro’y bergani haqidagi da’volar ketidan Vashington Moskvani va Suriya rahbari Bashar al-Assadni ayblay ketdi.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.