Tojikiston va O’zbekiston xalqi chegaralar ochilishini bayram qildi


So'g'd va Samarqand viloyati rahbarlari chegara ochilishi tantanasini non-tuz tatish bilan boshladi.
So’g’d va Samarqand viloyati rahbarlari chegara ochilishi tantanasini non-tuz tatish bilan boshladi.

2018-yil bahorining ilk kunlari ikki qardosh xalq – tojik va o’zbeklar uchun unutilmas kunlar sifatida tarixga kirdi.

Qariyib 20 yil tikanli simlar va minalashtirilgan so’qmoqlar sabab biri-birining diydoridan ayrilgan, mehru-oqibatdan uzoqlashgan o’zbek va tojik xalqi Navro’z oldidan chegaralarni kesib o’tib, bir-biri bilan uchrashdi.

Tojikiston shimoli – So’g’d viloyatining O’zbekiston bilan chegaradosh Panjakent, Konibodom, Asht, Spitamen nohiyalarida o’nga yaqin chegara-o’tish postlari qaytadan ochildi; o’rtadagi “Karimov devori” deb nom olgan to’siqlar olib tashlandi, oddiy xalq nihoyat qo’shni yurtga to’siqlarsiz o’tish imkoniyatiga ega bo’ldi.

Tojikistonning qardosh O’zbekiston bilan chegaralari mustaqilliking ilk yillarida faqat ramziygina bo’lib, shimolda ham, janubda ham yigirmadan ortiq yo’llar ikki xalqni birlashtirib turgan edi. Respublikada qarib yetti yil davom etgan fuqarolar urushi sabab, O’zbekiston xafvsizlik nuqtai-nazaridan chegaradagi yo’llarni berkitdi, o’rtada viza tartirbini joriy etdi, tog’li so’qmoqlar piyodalarga qarshi minalar bilan to’sildi. Ba’zi joylarda ko’prik va hatto yo’llar o’rtasiga ham beton devorlar qurildi.

O’zbekistonda Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan so’ng, uning qo’shnilar bilan munosabatlarni qayta rivojlantirish siyosati keyingi oylarda o’zining ijobiy ko’rinishlarini amalda ko’rsata boshladi.

“Yigirma yil bo’ldiki, Toshkentdagi qarindoshlarimni ko’ra olmayman. Bu sun’iy chegaralar, oramizdagi simto’r va dilxiraliklar xalqning yuragini qon qilib yuborgandi. Hatto jigarlarimizning dafn marosimlariga borolmadik. Qisman bo’lsa-da, hozircha chegara nohiyalari uchun yo’llarning yana keng ochilayotgani, chegaradan o’tishda yengilliklar joriy etilganidan juda xursandmiz”, – deydi tojikistonlik o’zbek sana’tkor Muharram Abdurazzoqova.

Panjakentning Sarazm qishlog’idan bo’lgan yosh o’zbek shoiri Elyor aytadiki, millat liderlari Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev ikki respublika yangi tarixida xalqlar ozodligi va erkinligini tiklagan arboblar sifatida yodda qoladi.

“Men ko’p yillardan beri Rossiyaga mehnat muhojirligiga qatnayman, uzoqqa borishning mashaqqatlarini yoshligimdan o’z tanimda sezib kelaman. Prezidentlarimizga rahmat, oramizdagi to’siqlarni olib tashladi. O’zbekistonda katta o’zgarishlar ketmoqda, buni hamma ko’rib turibti. Hali yanayam ulug’ yaqinliklar bo’lishiga shubha yo’q. Liderlarimiz bor bo’lsin, umri uzoq bo’lsin. Rahmatli bobom chavandoz bo’lgan, Samarqandu-Buxoroda uloqni bermaganlar, endi bizning ham Samarqandda ot choptirish galimiz kelyapti. Er yigitlar ham, momolarimiz ham har kun duoda turishibdiki, o’zgarishlar rost bo’lsin, qaytmas bo’lsin, niyatimiz shu!” – deydi to’lqinlangan Elyor.

Hozircha Tojikistonning O’zbekiston bilan chegaradosh nohiyalarida to’qqizta nazorat-o’tish nuqtalari rasman ochilgan. Prezidentlar uchrashuvidan so’ng oradan viza tartibi bir oygacha ko’tarilishi, yana o’nlab yo’llarda o’tish joylari paydo bo’lishi kutilmoqda.

Namanganlik keksa haydovchi Otanazar Berdiqulov Tojikistonning barcha yo’llarini, tog’ so’qmoqlarigacha yaxshi biladi. Uning avlodi asli Mastchodan bo’lgan, 70 yil ilgari bobolari Namanganga ko’chib o’tishgan.

“Oramizda transport qatnashi mumkin bo’lgan o’ttizga yaqin yo’llar bor, deyarli ularning barchasi saqlanib qolgan. Hammasini ishga solsa bo’ladi, nazarimda shunday ham bo’ladi. Xo’jand orqali Andijongacha temir yo’lning ochilishidan so’ng, Toshkentdan Farg’ona, Qo’qon, Marg’ilon tomonlarimizga yo’lovchi avtobuslar qatnovi ham tiklansa ajab emas. Qulog’imga shunday gaplar chalinyapti, bunga ishonsa bo’ladi. Mana, ha demay, Amuzang temir yo’li ish boshlar ekan, demak, bu kunlarga ham yaqin qoldi. Emomalijonga ham, Shavkatbekka ham rahmat, ularni o’stirgan ota-onalariga rahmat. Butun xalq hozir ularning haqiga duo qilmoqda”, – deydi qiyig’i bilan ko’z yoshlarini artgan Otanazar aka.

Tojikiston janubiy So’g’d viloyatining Panjakent nohiyasini Samarqand bilan boglovchi “Jartepa”, Istravshandagi Sirdaryo viloyati orasida “Havotak-Uchqo’rg’on”, Zafaroboddagi “Havasobod”, Spitamendagi “Hashtiyak-Bekobod”, Ashtdagi “Navbunyod-Pop”, Konibodomdagi “Andarxon” va “Ravot” postlarini ochgan. Bularning barchasi ikki qardosh respublika orasida bahor faslida qayta ochilgan chegara nuqtalari bo’lib, tez kunlarda ular orqali butun respublika xalqi erkin o’ta olishi imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

“Hozircha, bu chegara postlaridan faqat chegara nohiyalari aholisi besh kungacha muddatga o’ta oladi, prezidentlarimiz uchrashuvidan so’ng, bu muhlat vizasiz 30 kungacha uzaytiriladi, shunday shartnomaga erta-indin qo’l qoyiladi, hammamiz shuni kutmoqdamiz”, – deydi Tojikiston rasmiysi.

O’zbekistonning “Yoshlar”, “Uzreport24”, “Sevimli”, “O’zbekiston” kabi bir nechta telekanallari chegaralarning ochilishi tantanalaridan reportajlar berdi, shunday ko’rsatuvlar Tojikistondan ham uzatildi.

“Bunday kunning kelishiga ishonardik, oradagi to’siqlarning vaqtinchalik ekanligiga shubha yo’q edi. Xudoga shukr, o’z ko’zimiz bilan qon tomirlarimizning tiklanishini ko’rib turibmiz. Yo’llar vatanning qon tomirlari, uni kesib bo’lmaydi. Uni tiklaganning savobi juda ulug’dir. Ilohim, bordi-keldilarimiz yanada taraqqiy etaversin, tilagimiz ham, orzumiz ham, armonimiz ham shu edi, niyatimizga yetdik”, – deydi Tojikistonning Bobojon Gafurov nohiyasidan bo’lgan keksa jurnalist Sharfjon Nuriddinov.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.