Ekspertlar: Mirziyoyev – realist, islohotlar mo’jizaga yetaklamaydi


Jorj Vashington Universitetining Markaziy Osiyo dasturi doirasida o’tgan yillik anjumanda O’zbekiston asosiy mavzu bo’ldi, xususan, respublika rahbarining tashabbuslari va amaliyot. Tadbirda so’zlagan amerikalik va yevropalik mutaxassislar nazarida Prezident Shavkat Mirziyoyev real vaziyatdan kelib chiqib, real qadamlar tashlamoqda, lekin O’zbekiston yaqin kelajakda yangicha bir davlat yoki jamiyatga aylansin, deb kutish o’taketgan soddalik bo’ladi.

Jorj Vashington Universiteti professori, taraqqiyot masalalari bo’yicha mutaxasis Shon Roberts (Sean Roberts) tahlilicha, umuman olganda, O’zbekistonda boshlangan islohotlar konkret maqsadlarni ko’zlaydi.

Optimizm uchun qanday sabablar bor?

– Davlat rahbari tub o’zgarishlar xohlaydi va islohotlarga uning o’zi boshchilik qilmoqda. Prezident shu paytgacha ko’z yumilgan muammolarni ko’tarib, ularga yechim topish uchun xalqdan matonat va harakat so’ramoqda.

– O’zbekistonda pul konvertatsiyasi ochildi. Valyuta bozori erkinlashmoqda. Jahon banki va Xalqaro Valyuta Fondi bilan hamkorlik kengaymoqda.

– Har bir jabhani qattiq nazorat qilib kelayotgan Milliy Xavfsizlik Xizmatida islohotlar boshlanmoqda. Uning uzoq yillik rahbari Rustam Inoyatov ishdan olindi va endilikda bu tizim ustida xalq vakillari, ya’ni parlament nazoratini ta’minlash haqida bosh qotirishmoqda.

– Islohotlar va o’zgarishlarni orqaga qaytarib bo’lmaydi. Ular susayishi mumkin, kutilgan natijani bermasligi mumkin, biroq hozirgi shiddat va ruhiyatni bosish qiyin. Odamlar oldinga intilmoqda. Hukumat ularning shashtini tushirishdan manfaatdor emas. Orqaga qaytarishga urinish milliy zarar bo’ladi, deydi Roberts.

Pessimizm uchun qanday sabablar bor?

– Prezident Mirziyoyev eski tuzumda yuqori lavozimlarda ishlagan, xalq orasida yomonotliq bo’lgan, zulm namoyandalari sifatida tanilgan odamlarni hukumatga qayta olib kelmoqda. Misol uchun, Zokir Almatov, sobiq Ichki ishlar vaziri. Bu shaxs 2005-yilda Andijonda “yuzlab insonlar qirilishiga yetakchilik qilgan” rasmiy sanaladi. Shuningdek, Mirziyoyev o’z xavfsizlik tizimini yaratmoqda. U qanchalik zolim yoki huquqbuzar bo’ladi, buni bilmaymiz, deydi professor Roberts.

– Demokratik islohotlar tomon intilish juda past. Tom ma’nodagi muxolifat, oppozitsion partiyalar uchun yo’l ochiladimi? Mirziyoyev uning siyosati tanqid qilinishiga toqat qiladimi? Erkin matbuotga tayyormi? Demokratiya deganda nimani tushunadi?

Jorj Vashington Universiteti, 5-mart, 2018
Jorj Vashington Universiteti, 5-mart, 2018
1991-2016-yillar orasida Qozog’iston 156 milliard dollar bevosita xorijiy sarmoya jalb qilgan bo’lsa, bu davr mobaynida O’zbekistonga hatto 10 milliard dollar ham kirmagan.

– Rossiya roli oshib bormoqda degan xavotirlar yangramoqda. Rossiyaning mashhur oligarxi Alisher Usmonov va Prezident Mirziyoyev orasidagi shaxsiy rishtalar qator savollar va shubhalar uyg’otib keladi. Lekin, deydi Roberts, bu borada salbiy xulosalar qilish uchun asos yetarli emas. Usmonov o’zbek va O’zbekiston ravnaqidan manfaatdor ekani aniq.

Olim fikricha, Mirziyoyevning O’zbekistoni Qozog’istonga o’xshashga intilayotgandek. Chunki, deydi u, prezident qo’shni davlatga havas qiladi. Investitsiya oqimi katta bo’lgani, xalqaro nufuzini oshira olgani, ko’p jihatdan ildamlay olgani O’zbekiston uchun namuna bo’lishi mumkin. 1991-2016 yillar orasida Qozog’iston 156 milliard dollar bevosita xorijiy sarmoya jalb qilgan bo’lsa, bu davr mobaynida O’zbekistonga hatto 10 milliard dollar ham kirilmagan.

Qozog’istonda Prezident Nursulton Nazarboyev iqtisodiy taraqqiyot uchun zamin yaratganida siyosiy erkinlik uchun yo’l bermadi. Mirziyoyev ham shu yo’ldan borishi mumkin. Odamlarni taraqqiyotga yetaklamoqchi, biroq hokimiyatda uning o’zi uzoq davr o’tira olishi kerak. Bu degani siyosiy erkinliklar cheklanadi. Mirziyoyev investitsiya oqimini oshirish, O’zbekiston nufuzini ko’tarish, o’ziga nisbatan yetarlicha ishonch va hurmatga ega bo’lish uchun harakat qilaveradi, lekin bu jarayonda demokratik va ochiq davlatga aylanadi, deya kuta olmaymiz, deydi professor Roberts.

Nohukumat sektorda, axborot vositalarida cheklovlardan qutulish qiyin kechadi. Bu tabiiy mashaqqat, deydi ekspert, chunki tarjiba oz, siyosiy ong past, ilm va malaka sayoz. Qonun ustuvorligini ta’minlash, adliya tizimida mustaqillikka erishish, erkin so’z va matbuot aytishga oson, lekin amalda erishish juda murakkab bo’lgan maqsadlar. Gap butun mentalitetni yangilash, yondashuvni tubdan o’zgartirish, o’zgacha fikr-qarashlarni shakllantirish haqida ketmoqda. Hozirgi O’zbekistonda bu qancha vaqt olishini bashorat qilish deyarli mumkin emas.

O’zbekistonda Islom Karimov rahbarligi davrida sun’iy fuqarolik jamiyati vujudga keldi – hukumatga butkul sodiq nohukumat tashklilotlar doirasi. Ular O’zbekistonda haqiqiy fuqarolik jamiyati, ya’ni mustaqil pozitsiyasiga ega va o’z talablarini olg’a sura oladigan, odamlarni o’ziga ergashtira oladigan notijoriy, nodavlat organlar emas. Hozir o’zini shunday organ deb atab yurganlar balki kelajakda ijtimoiy markazlarga aylanib ketar, deya mulohaza yuritadi Roberts. Real fuqarolik jamiyati barpo etish uchun esa, yuqorida qayd etilganidek, qattiq mehnat va kuchli iroda zarur.

Real fuqarolik jamiyati barpo etish uchun qattiq mehnat va kuchli iroda zarur.

Bu tahlil O’zbekiston axborot vositalari faoliyatiga ham tegishli. Mustaqil matbuot yaratish uchun hozircha respublikada muhit cheklangan. Albatta, harakatni boy bermaslik kerak, erkin jurnalistlar intilaverishi lozim, biroq siyosiy yondashuv o’zgarmasa, to’siqlar joyida qolaveradi.

Shon Roberts O’zbekistondagi vaziyatni chuqur o’rganib, o’zaro manfaatlarni qayta ko’rib chiqib, AQSh hukumatiga quyidagi qadamlar tashlashni tavsiya qiladi:

– AQSh O’zbekiston bilan aloqada islohotlar sistematik bo’lishi kerak, deya undayverishi kerak. Tizim yangilanishi kerak. Vashington shu borada yordam berish yo’llari haqida o’ylashi kerak. Yangicha institutlar vujudga kelib, yangicha ishlay boshlasin.

– Erkinlik va inson huquqlari targ’ibotini susaytirmaslik lozim. Erkinlik va oshkoralik ko’lami kengayib, qonunga hurmat oshmasa, O’zbekiston chetdan, xususan, Amerikadan sarmoya kutmasligi kerak. AQSh xususiy sektori uchun erkinlik o’ta zarur talab. Ular hozircha qiziqishi mumkin, vaziyatni o’rganishi mumkin, lekin adolatga ishonmasa, katta sarmoya kiritishga jur’at eta olmaydi.

– AQSh O’zbekistonda siyosiy-ijtimoiy islohotlar va ta’lim-trening borasida yangi tashabbuslar bilan chiqishi kerak. To’g’ri, mablag’ kam. Biroq mavjud moliyani qanday sarflashni tahlil qilib chiqish kerak, deydi Roberts. O’zbekiston iqtisodiy taraqqiyotga urg’u berar ekan, bu jarayon siyosiy va ijtimoiy o’zgarishlar talab qilishini uning hukumatiga eslatib turish kerak.

Robertsning Qozog’iston va O’zbekiston haqidagi fikrlariga qarshilar tadbir qatnashchilari orasida ko’p bo’ldi. Mintaqadan chiqqan mutaxassislar, qolaversa, Qozog’iston bilan yaqindan tanish boshqa odamlar bu davlat atrofdagilarga namuna bo’la olmaydi, deya qayd etdi. Nazarboyevdan keyingi Qozog’iston hozirgi O’zbekistonga taqlid qilishi mumkin, deganlar ham bo’ldi.

Marlen Laruell (Marlene Laruelle), Jorj Vashington Universitetidan yana bir professor, Markaziy Osiyo dasturi rahbari, Qozog’istonda omma fikrini o’rganib chiqib, mintaqada bugun ziyolilar, yoshlar va keng jamoatchilik uchun nima dolzarb ekanini xulosalashga urindi.

Uning izlanishlari natijalariga ko’ra, odamlar yaqin va uzoqdagi qudratli davlatlarni bir-biridan uncha farqlamaydi. Ya’ni, agar kimdir Rossiyani yoqtirsa, u Xitoy yoki Amerikadan ham uncha norozi emas. Respondentlarning aksariyati, deydi olima Qozog’iston misolida, agar Amerikani xush ko’rmasa, Rossiya va Xitoyga ham shunday munosabatda. Jamoatchilikning ko’ngli ko’p hollarda yirik tuzumlarga nisbatan yo yoppasiga ijobiy yoki salbiy.

Buning ortidagi omillar nimada? Aniq aytish qiyin, deydi ekspert, o’rganish kerak. Rossiya va Xitoy yaqindagi qudratli davlatlar. Amerika uzoqda va mintaqada o’z ta’sirini oshirish yoki saqlab qolish uchun Moskva va Pekinchalik jon kuydirmaydi va harakat qilmaydi. Yaqin kelajakda bu holat o’zgarmaydi.

Qozog’istonda poytaxt Ostona aholisi eng global va keng dunyoqarashga ega, deydi Laruell, ommaviy so’rov natijalariga tayanib.

Yana bir qiziq natija: chet tillarni bilish, xorijga chiqib turish, G’arb ilmiga ega bo’lish, umuman, intellektual jihatdan yuqorida bo’lish yirik davlatlar, jumladan, AQShga nisbatan ijobiy qarashni shakllantiradi yoki bunday odamlar Amerika yoki Yevropa tarafdori degan taxmin isbotlanmagan.

Laruellni tinglaganlar bu izlanishni juda sayoz deya baholab, chuqurroq tadqiqotlar olib borishga undadi.

Britaniyaning Glazgo universitetidan professor Luka Ancheski (Luca Ancheschi) tahlilicha, mintaqaning neft makoni Qozog’iston va gaz makoni Turkmaniston mustaqillik davrida o’z mustaqil energetik siyosatini shakllantirishga qanchalik harakat qilmasin, bu borada hamon ibtidoiy fikrlaydi. Hukmron doiralar asosan bu boylikni pullab, hokimiyatni mustahkamlash haqida o’ylaydi.

Rahbarlar iqtisodiyotni xilma-xillashtiramiz, yo’nalishni ko’paytiramiz, deya bong uradi, biroq amalda buni ko’rmaysiz. Tabiiy boyliklardan tushgan pulning juda oz qismi xalq hayotini yaxshilash uchun sarflanadi. Mablag’ hatto mamlakatning o’zida ham turmaydi, ko’p hollarda xorijiy bank hisoblarida. Gaz va neft kompaniyalari, agar mahalliy bo’lsa, davlatga qarashli yoki uning iznida.

Boshqaruv har ikki davlatda ham adolatli yoki oshkora emas. Muhim qarorlarni bir kishi qiladi. Energetika sanoati strategik ahamiyatga ega, iqtisodning bosh ustuni sifatida tushuntiriladi, lekin xalq bu borada juda yuzaki axborotga ega.

Jahon bozoridagi vaziyat, yonilg’i bahosi va raqobat xususida mamlakat ichida deyarli hech kim og’iz ochmaydi. Rahbarlargina bu borada izoh berishi mumkin.

Qozog’iston ham, Turkmaniston ham bugun qiyin ahvolda. Neft narxi past. Qozog’iston xazinadagi mablag’ni ishlatib bo’ldi va hozirda sarmoya jalb etmasa, inqiroz chuqurlashishi tayin.

Turkmanistonda ham vaziyat tang. Qashshoqlik kuchaygan. Maosh va pensiya vaqtida to’lanmayapti. Turmush qiyinlashib borar ekan, xalq dardini aytishi uchun erkinlik ham yo’q. Turkmaniston gazini bugun, asosan, Xitoy oladi, lekin Ashgabat uning oldida milliardlab dollar qarzdor. Shunday ekan, tabiiy boylik hozircha qarzni qoplash uchun ketmoqda.

Bir tomondan bu davlatlar iqtisodni diversifikatsiya qilishi kerak, boshqa tomondan esa oshkoralik va erkinlik uchun zamin yaratilmasa, xalq hech kimni javobgarlikka tuta olmaydi. Demak, uning hayoti ham yaxshilanmaydi.

Prezidentlar Nazarboyev va Berdimuhammedov va’da beraveradi, xalq esa buyuk kelajak kutib yashayveradi, deydi kuzatuvchi.

Ancheskini tinglaganlar fikricha, Turkmanistonda izlanishlar olib borilmas ekan, bu mamlakat va xalq hayoti haqida xulosa qilish qiyin. Turkmanlar o’z qobig’ida yashaydi, dunyodan uzoq, deydi ayrim mutaxassislar, ular G’arb ekspertlari o’ylaganidek azobda kun kechirmayotgan bo’lishi mumkin. Azob ular uchun boshqa narsani bildirishi mumkin, deya qo’shadi tadbirning ayrim qatnashchilari.

AQSh Mudofaa universitetida Markaziy va Janubiy Osiyo bo’yicha professor Rojer Kangasning (Roger Kangas) ta’kidlashicha, Afg’onistonda Amerika yangicha siyosat yuritar ekan, asosiy o’zgarish qo’mondonlarga ko’proq vakolat berilib, harbiy ta’minot oshganidadir. Prezident Donald Tramp Afg’onistondagi ishlarni Vashingtondan turib boshqarmoqchi emas, balki o’lkadagi harbiylarga tayanmoqchi va Kobuldagi markaziy hukumat dardiga ham ahamiyatni oshirmoqda.

Rasmiylar qanchalik inkor etmasin, Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat hamon ko’p jihatdan Afg’oniston bilan bog’liq. Hindiston va Pokiston bilan yaqindan ishlash maqsad qilingan. Pokiston terrorchilarga boshpana bergan deya qanchalik qoralanmasin, Vashington Islomobod bilan til topishishga bel bog’lagan.

Biroq Tramp ma’muriyati g’alaba deganda nimani nazarda tutmoqda? Bu noaniq, deydi Kangas. Terrorchilarni yo’q qilishmi? Shunday bo’lsa, qo’shinlar qancha qolishi mumkin? Ekstremizmni tamoman yengib bo’ladimi? AQSh uzoq muddat deganda qancha vaqtni rejalamoqda? Mablag’ bormi va Kongressda iroda qanchalik?

Markaziy Osiyoga qanday ta’siri bo’ladi? Mintaqa davlatlari Amerikadan sarmoya oqimi oshadi degan umidda, biroq Vashingtonda bu borada gap yo’q. Tramp ma’muriyati xususiy sektorni qiziqtirishi mumkin, biroq ularni biror davlatga katta investitsiya kiritgin deya bosim o’tkaza olmaydi. Biznes muhit yaxshilangani sari bizneslar ham boraveradi, degan maslahatni hali ko’p eshitasiz.

Qoradori savdosiga qarshi kurash, chegara xavfsizligi bobida mavjud hamkorlik davom etishi aniq. Bu boradagi harakatlar odatda ko’p savol tug’dirmaydi va Kongress ham ularga fotiha berish uchun ko’p vaqt olmaydi.

Rojer Kangas Tramp ma’muryatining yondashuvini shunday tasvirlaydi: AQSh boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaydi. Amerika ularga qanday yashashni, o’zini qanday boshqarishni o’rgatmasligi kerak. O’zaro manfaatlardan kelib chiqib, hamkorlik qilinadi. Muayyan maqsadlar sari harakat qilinadi. Ulkan va’dalar berilmaydi. O’ziga xos sherik bo’lib qolishni xohlayotgan Qo’shma Shtatlar bunday pozitsiya bilan Markaziy Osiyoda mavjud ta’sirini boy bersa beradiki, oshirmaydi, deydi tahlilchilar.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.