Mirziyoyev muxolifatga yo’l beradimi?


Prezident Shavkat Mirziyoyev Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari oldida, 31-yanvar, 2018

Prezident Shavkat Mirziyoyev Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari oldida, 31-yanvar, 2018

Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlaridan ilhomlanayotgan xorijdagi o’zbek muxolifati vatanga qaytish masalasini muhokama qilmoqda. Yangi rahbariyat hozirgacha siyosiy islohotlar, muxolifatga doir biror bayonot qilgani yo’q. O’zgarishlar siyosiy raqobatsiz kechmoqda. Hokimiyat almashishidan o’tgan bir yildan oshiq vaqt davomida muxolifat asosan Mirziyoyevning islohotlarini qo’llashini bildirib keldi. Ammo yangi hokimiyatdan muxoliflikka doir ochiq chaqiriqlar kuzatilmadi. Ayrim faollar o’zbek muxolifatining xorijdagi vazifasi bitgani haqida gapirmoqda.

0:00:00 /0:09:11
Yuklab oling

Yangi hokimiyatning siyosiy islohotlar yuzasidan pozitsiyasi Mirziyoyev boshqaruvga kelganidan buyon eng uzoq kutilayotgan bayonotlardan deyish mumkin. Hozircha bu boradagi sukut davomli – Mirziyoyev ham, yangi hokimiyat ham siyosiy raqobatdan xoli.

Chorak asrga cho’zilgan turg’unlikdan so’ng boshlangan islohotlarga yangi prezident yetakchilik qilmoqda. Bu o’zgarishlarni uzoq kutgan o’zbek muxolifati bildirilayotgan bayonotlar ham siyosiy raqobat haqida emas, asosan Mirziyoyev islohotlarini qo’llab-quvvatlash, vatanga qaytish uchun imkoniyat yaratish haqida.

Yaqinda bir guruh o’zbekistonliklar Turkiyada muhojirlikda yashayotgan o’zbek muxolifati yetakchisi, shoir Muhammad Solihni vatanga qaytishiga ijozat so’rab chiqishdi. O’zbekiston xalq harakati raisi Muhammad Solih ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu murojaatdan xabardor, ammo murojaatdan natija unga noma’lum.

“Men samimiy aytishim mumkin, bu narsa stixiyali boshlangan, albatta men Mahmud Rajab degan shoirni bilaman. Lekin tashabbusni katta harakat, biror tomondan tashkillashtirilgan deb o’ylamayman. Bu insonlarning o’zlarini tashabbuslari. Agar tepadan yoki boshqa bir tomondan tashkillashtirilgan harakat bo’lganida boshqacha bir ko’rinishda bo’lardi”, – deydi Muhammad Solih.

Muhammad Solih ham vatanga qaytish qarorida turgan muxolifatchilardan. Avvalroq uning o’zi prezidentning virtual qabulxonasiga o’ziga nisbatan mamlakatda ochilgan jinoiy ishlarni bekor qilish, shaxsini oqlash talabi bilan murojaat jo’natgan edi. Hozircha bu murojaatga biror javob bo’lgani aniq emas.

Yaqinda o’zbek muxolifati faollaridan yana biri Namoz Normo’min ijtimoiy tarmoqda “ijobiy” muxolifatning vatanga qaytishga chorlovchi murojaat joyladi.

Namoz Normo'min, xorijdagi siyosiy faollardan biri

Namoz Normo’min, xorijdagi siyosiy faollardan biri

Namoz Normo’minga ko’ra, yangi hokimiyat hozirgacha muxolifatga doir biror ishora bergani yo’q. Ammo mamlakatda kechayotgan o’zgarishlar silsilasi “ijobiy” muxolifatning qaytishiga to’sqinlik qilmaydi. “Ijobiy” deyilganda konstruktiv muxolifat nazarda tutilmoqda:

“Men konstruktiv muxolifatning o’zbekcha tarjimasini topolmadim, shuning uchun ijobiy atamasini qo’lladim. Ya’ni, hukumatni tamomila rad qiluvchi, radikal kayfiyatdagi muxolifat emas, bugungi islohotlarni qo’llab quvvatlovchi, kamchiliklarini aytib, muqobil taklif bilan chiquvchi muxolifat haqida gap ketmoqda. Masalan, Turkiyadagi muxolifat o’ta radikal, ular uchun amaldagi hukumat ketishi kerak. Lekin biz O’zbekistonda masalani bunday qo’yolmaymiz, siyosiy konfrantasiya ma’qul yo’l emas. Hozir bizga islohot o’tkazadigan markaziy kuchli hokimiyat, uning yonida turuvchi konstruktiv muxolifat lozim, men albatta cho’ntak partiyalarini nazarda tutmayapman”, – deydi muxolifatchi.

Namoz Nomo’min deydiki, hozircha mavhumlik muxolifatning qaytishi qay tarzda amalga oshishiga bog’liq. Bu o’zaro muhokama qilinishi kerak, ko’plarda hujjat, viza bilan bog`liq muammolar bor, shunday vaziyatda eng ma’quli hukumatni muxolifatga yo’l ochishi bo’lardi, deydi u.

“Eng ma’qul yo’li hukumatning o’zi siyosiy islohotlarni boshlashi, muxolifatga yo’l ochishi bo’lardi. Bu birinchi yo`l. Albatta muxolifatning o’zi ham tashabbusni davom ettirishi kerak. Tashqaridagii muxolifatchilar, taniqli shaxslar o’zaro birlashmasa ham vatanga qaytish masalasida bir platforma qilib, qachon, qanday qaytish mumkinligi, muxolifatchilarning xavfsizligi qanday muhofaza qilinadi, bularni hammasini muhokama qilish mumkin. Hozircha bunday maydon yo’q, lekin men shunday taklif bilan chiqdim. Bu ikkinchi variant. Uchinchisi esa Nurulloh Raufxon domlaning yo’li. U kishi e’lon qildi, men vatanga boryapman, deb, vaholanki muxolifatda emas edi. Ammo u kishida O’zbekiston pasporti bor edi, borishi uchun rasmiy to’siq yo’q edi. Menda Norvegiyaning pasporti, viza olish kerak, bu qanday bo’ladi, bilmayman. Uchinchi yo’li shu muxolifatning o’zi tashkillashgan holda borishi kerak”, – deydi Namoz Normo’min.

Toshkent, 14-dekabr, 2016

Toshkent, 14-dekabr, 2016

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi faollaridan biri Do’stnazar Xudoynazar ham xorijda. O’zbekistondan ancha yillar avval chiqib ketgan. Shvetsiya fuqaroligini olgan. Bugun O’zbekistonga qaytishga tayyor, ammo so’nggi hodisalar uni hushyor torttirgan.

“Men ushlab turgan narsa Yevropadagi sotsial muhofaza emas, buni har bir odam o’zicha hal qiladi. Meni bugunoq qaytishga tayyorman, ammo so’nggi hodisalar biroz ikkilanish tug’dirmoqda, masalan jurnalist Bobomurod Abdullayevning onasi qilgan murojaatni (o’g’liga nisbatan qiynoq qo’llanganligi haqida) butun dunyo ko’rdi. Agar uni shunday qilishayotgan ekan, biz borsak nima bo’lishi mumkin. Chunki men aytganlarini o’z nomimdan yozganman. 10 yildan oshiq vaqt davomida ochiq gapirib kelyapman. Muxolifatchilarga nisbatan ochilgan jinoiy ishlar yopilmagan, masalan, menga nisbatan, yoki boshqa birovga nisbatan sen shuni qilgansan deb tursa, nima bo’ladi? Shuning uchun qandaydir kafolatlar bo`lishi kerak”, – deydi Do’stnazar Xudoynazar.

Faollarga ko’ra, bir paytlar qudratli kuch sifatida maydonga chiqqan o’zbek muxolifati Karimov davrining tazyiqlari davomida parchalandi, ayrimlari qamoqqa tashlandi, ayrimlari xorijga chiqib ketishga majbur bo’ldi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelar ekan, qamoqdagi siyosiy mahbuslarning birin ketin ozodlikka chiqayotgani, xorijga chiqib ketganlarning vatanga qaytish taraddudida ekanligi kuzatiladi.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.