Prezident Shavkat Mirziyoyev fikricha, Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) islohotlarga muhtoj. Gap bu xizmat faoliyatini qonunan cheklash lozimligi haqida ketmoqda. Shu paytgacha O’zbekiston hukumatida hech kim Milliy Xavfsizlik Xizmatidagi muammolar, jamiyatda unga nisbatan mavjud norozilik va umuman, bu organ chorak asrlik tartib ostida ishlayotgani haqida ochiq gapirmagan edi. Agar bu islohot amalga oshsa, deydi kuzatuvchilar, mamlakat haqiqatdan ham yangi davrga qadam qo’ygan bo’ladi. MXXni yangilash real o’zgarish bo’ladi.
Shunday ekan, prezident haqiqatan MXXni isloh qilmoqchimi yoki o’z hokimiyatini mustahkalmash uchun shunday katta gaplar aytmoqdami?
Azaldan daxlsiz qudrat maqomida ishlab kelgan MXX faoliyatini qonuniylashtirish jamoatchilikda qo’rquv va hadik avj olishi mumkin degan xavotirlar bor.
Mirziyoyev prezidentlik boshqaruviga rasman bir yil to’lar ekan, ilk bor parlament va xalqqa murojaat qildi. 22-dekabr kungi ma’ruzada u tuzumning har bir qismini birma-bir tanqid qildi.
Xususan, MXX asossiz ravishda kengayib ketgan, uning ishini qonun doirasiga solish lozim, dedi u. Tuzumga tahdid solganlik aybi haddan tashqari ko’p qo’llanilgan, deya qayd etdi prezident. Bu ayb bilan ko’plab insonlar qamalgan. Hukumatni tanqid qilib chiqqanlarning aksariyati shu ayb asosida panjara ortiga tashlangan.
Mirziyoyev, ayniqsa MXX tuman va viloyat hokimlari ustidan nazorat o’rnatayotganidan norozi. Mirziyoyev viloyat, tuman hokimlari bevosita prezidentga bo’ysinishini aytib, huquq-tartibot idoralariga hokimliklar faoliyatiga aralashishni keskin taqiqladi.
MXX, ko’plab kuzatuvchi va ekspertlar nazarida, Mirziyoyev boshlagan islohotlarga qarshi eng katta va asosiy kuch.
Londonda asoslangan Markaziy Osiyo institutida tahlilchi Alisher Ilhomov deydiki, MXX shu paytgacha O’zbekistonda hukumatning tahdid quroli bo’lib keldi. Uni isloh qilish rejasi yangi hokimiyatning olqishli qadamlaridan, deydi u.
“Bu yaxshi xabar, chunki MXX hozirgacha qonun doirasidan tashqarida faoliyat yuritib kelgan. Masalan, MXXning o’zbek muxolifatchilarini yo’q qilish, o’ldirish, nazorat qilish yoki istalgan odamlarni qamoqqa olish kabi amaliyotlari mutlaqo qonun doirasida emas. Prezident hozir MXXni qonun doirasiga solmoqchi. Bu hech bo’lmaganda idoradan hisobot talab qilish imkoniyatini beradi. Ikkinchi bir muhim tomoni, Mirziyoyev bu idora maxsus xizmatlarga muvofiq bo’lmagan faoliyat bilan shug’ullanib kelayotganini, tashkilot birinchi navbatda tashqi va ichki tahdidlarni bartaraf etish bilan shug’ullanishi lozimligini aytdi. Diniy ekstremizm tahdidi kuchaygan hozirgi sharoitda bu juda to’g’ri fikr, lekin bu amaliyot mamlakatda shakllangan diniy siyosat o’zgarishi ortidan kuchga kirishi kerak. Aholini to’g’ri va noto’g’ri musulmonlarga ajratgan amaldagi bu siyosat ortida ham asosan MXX turadi”, – deydi Alisher Ilhomov.
MXX raisi Rustam Inoyatov chorak asrdan buyon amalda. Qudrat jihatdan u oldingi rahbar Islom Karimovdan keyingi ikkinchi siyosiy kuch maqomida tilga olinardi. MXX hozir ham hokimiyat bo’g’inlari ustidan nazorat o’rnatgan, hadsiz vakolatga ega asosiy idora sifatida ko’riladi.
Karimov o’limi ortidan hokimiyat Mirziyoyev va Inoyatov yetakchiligidagi guruhlar o’rtasida taqsimlangani haqidagi qarashlar inobatga olinsa, prezidentning MXX haqidagi bayonoti uning qudrati mustahkamlanib borayotganidan darakdek ko’rinadi. Mirziyoyev avvalroq hokimiyat uchun da’vogar deb ko’rilgan siyosiy kuchlardan biri Rustam Azimovni hukumatdan haydagan edi.
Alisher Ilhomovga ko’ra, Mirziyoyevning bir yillik faoliyati yakunida MXX yuzasidan bayonot qilyotgani siyosiy kurash va hokimiyatni mustahkamlash maqsadidan alomatdir.
“Hokimiyat uchun kurash ehtimoldan xoli demasdim. MXXni isloh qilish haqidagi gaplar prezident uchun bosim vazifasini o’tashi mumkin. Inoyatov darhaqiqat boshqaruv kimning qo’lida bo’lishiga ta’sir ko’rsatuvchi yirik siyosiy qudratga ega shaxs. Maqsad faqat chetlatish bo’lsa, Inoyatovning o’rniga shu siyosatni davom etturivchi boshqa bir odam kelishi, vaziyat avvalgidek qolishi ehtimol. Mamlakat manfaatidan kelib chiqilsa, tuzum isloh qilinishi kerak, shu jumladan MXX ham”, – deydi Ilhomov.
Mirziyoyev murojaati tanqidchilar va tarafdorlar orasida birdek iliq va samimiy deya baholanmoqda. 13 yil bosh vazir lavozimida ishlagan Mirziyoyev mamlakat eski tuzumga qaytmasligini, unda hadsiz vakolatga ega idoralar va rahbarlar bo’lmasligi haqida gapirdi. Bu bayonotlar oshkoralik, adolat va erkinlikka undab kelayotgan doiralar orasida ayniqsa iliq kutib olindi. O’zbekistonda yangi davr boshlangan bo’lsa, faqat oldinga yurish kerak, deydi ular.
Leave a Reply