Prezident Shavkat Mirziyoyevning bir yillik boshqaruvi umidlar alangasidan tortib, o’zgarishlarga ishtiyoq so’nib borayotgani bilan ham kuzatilmoqda. O’tgan yili 14-dekabrda O’zbekiston prezidenti sifatida qasamyod keltirgan Mirziyoyev bir yillik faoliyati haqida xalq bilan jonli muloqot orqali hisobot berishi haqida ma’lumotlar bor. Yangi hokimiyat ostidagi dastlabki yilni baholar ekan, muxolifat yetakchisi Muhammad Solih hamon islohotlar va’dasida qolayotgan Mirziyoyevni ochiqlikka, kuch ishlatar tizimlariga emas, o’z xalqiga suyanishga chaqiradi.
“Xalqaro press-klub” doirasida o`tishi rejalanayotgan muloqot Mirziyoyevning bir yillik boshqaruvi hisoboti bo’lishi kutilmoqda. Ammo ayrim nashrlarda berilgan bu xabar hozircha rasman tasdiqlangani yo’q.
Prezident o’tgan bir yil davomida mahalliy matbuotga intervyu bermadi, ammo televideniyeMirziyoyevning turli tadbirlardagi chiqishlarini muntazam namoyish etib keldi.
Ashaddiy tanqidlar bilan kuzatilgan bu chiqishlar Mirziyoyevni jamoatchilikka faol islohotchi, keskin o’zgarishlar tarafdori sifatida tanitdi. Televideniyedan matbuotga, ijtimoiy tarmoqlarga ko’chayotgan bu chiqishlarda mavjud muammolar uchun asosan quyi rahbarlar aybdor sifatida taqdim etiladi.
Mirziyoyevning bir yillik boshqaruvu jamoatchilikda ishchan, tanqiddan xoli prezident qiyofasi shakillanishi bilan yodda qoldi, deyish mumkin.
Bu qarashdan uzoq yillar O’zbekiston hukumatini tanqid qilib kelgan muxolifat ham mustasno emas. O’zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solih Mirziyoyev bayonotlaridan umidlangan tanqidchilardan. Hokimiyatga kelganiga bir yil to’lgan prezidentning chiqishlari unga hamon samimiy ko’rinadi.
“Mirziyoyevning chiqishlarini hokimiyatga kelgan ilk kunlaridan kuzatib kelaman. Ilk davrlarda uning Rusiya bilan qattiq yaqinlashgani ancha sergaklantirgan edi, buni tanqid ostiga olgan ham edik. Ammo keyingi jamoatchilik oldidagi chiqishlari menga haqiqatda samimiy ko’rindi. Bugun ham uning gaplarida samimiyat izlari bor. Ammo bir yil o’tdi, bu oz emas, katta muddat. O’zbekistonda butun vakolatlarni o’zida to’plagan prezidentlik lavozimi bor. Shunday vakolatlarga ega lavozimdagi odamdan kutilayotgan o’zgarishlar emas bu, o’zgarish juda oz, deyarli yo’q nazarimda, men shunga hayron qolyapman. Shuncha va’dalarni berib, ularning hech bo`lmaganda yuzdan o’n besh foizini bajarmaslik qanday mumkin? Yoki haqiqatdan ham Mirziyoyevning oldida katta bir to’siq bormi? Shunday bo`lsa, u kim, qanday to’siq? Shunday bo`lsa, mana oradan bir yil o’tdi, buni ochiq aytish vaqti keldi. O’zgarishlar qilishga yo’l qo’ymaydigan katta to’siq bor ekan, prezident xalqga murojaat qilsin, tushintirsin. Xalqning o`zi prezidentga bergan vakolatlarini himoya qilishi kerak. Xalq degan bir xilqat bor, bu xilqat prezidentlarning asosiy tayanchi, MXX, kuch ishlatar tizimlari emas. Mening bugun ham umidlarim bor. Ehtimol, biz ko’rayotgan Mirziyoyevga qarshi katta bir kuch qarshilik qilib turgan bo’lishi mumkin, shu zo’rlik ishlatuvchi tizimlar, Inoyatov, bu haqda ko’p gapirilgan. Bu tizimlar shu qadar kuchlimi, buni tasavvur qila olmayman, ammo Mirziyoyevning qo’lida MXXga qarshi ham katta dastak, salohiyat, iqtidor bor”, – deydi Muhammad Solih.
Chorak asr davomida turg’unlikda bo’lgan O’zbekistonda Islom Karimovning o’limi ortidan hokimiyat almashdi. Dastlab, vaqtinchalik, dekabrdagi muddatidan avvalgi saylovlardan so`ng to’la vakolat bilan hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev xalqqa islohotlar va’da qildi, xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan davr kelganini e`lon qildi.
Mirziyoyevning asosiy diqqati davlat idoralariga, boshqaruvga, kadrlarga qaratildi. Ayniqsa, sudlar, prokuratura, ichki ishlar, mahalliy hokimliklar, moliya va iqtisod sohasida “oyog’i yerdan uzilgan” rahbarlar keskin tanqid qilindi, ishdan haydaldi, almashtirildi. Uning shunday ruhdagi chiqishlari bugun ham davom etyapti, ammo natijalar hozircha yaqqol sezilayotgani yo’q.
Mirziyoyev boshqaruvi natijalari ichki siyosatdan ko`ra tashqi siyosatda yaqqolroq kuzatiladi, O’zbekiston qo’shni davlatlar bilan munosabatlarini iliqlashtirdi, xalqaro tashkilotlar O’zbekistonga qayta boshladi, chorak asr yopiq qolgan mamalakatning tashqi dunyoga ochila boshlagani haqidagi qarashlar yuzaga chiqdi.
Muhammad Solih fikricha, prezidentdan kutilayotgan o’zgarishlar, avvalo, mamlakat ichkarisida, xalq turmushida, iqtisodda bilinishi kerak.
“Mirziyoyevning o’zi urg’u bergan soha bu iqtisod edi. Aynan shu sohada 100 dan 90 foiz o’zgarish bo`lmadi. Iqtisodni ozgina liberallashtirish sezildi, lekin asosan hech narsa o’zgarmadi, o’zgarganda edi odamlar mamlakatdan ketishda davom etmagan bo`lardi. Bu jarayon haliyam to’xtamadi, avval Rossiyaga bo’lsa, hozir Turkiyaga oqib kelyapti o’zbekistonliklar. Biz kelayotgan o’zbeklar bilan gaplashayapmiz, ular hech narsa o’zgarmadi, ayrim joylarda battar bo’lyapti, deb aytishyapti. Men siyosiy reformalar haqida aytayotganim yo’q, bu narsa umuman boshlanmadi. Buni Mirziyoyev gapirayotgani ham yo’q. Mirziyoyev 6 kishini ozod qilayotgan bo’lsa, Inoyatov 9 kishini yana hibsga olyapti. So’nggi voqealarni olib ko’ring, Bobomurod Abdullayev kabi Karimov rejimiga qarshi kurashgan odamlar yana qamoqqa tashlandi”, – deydi Muhammad Solih.
Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka mamlakatdagi rasmiy partiyalardan surilgan muqobil nomzodlar ishtirokidagi saylov natijasida keldi. Qudratda turib, siyosiy islohotlar haqida gapirgan prezident bu rasmiy partiyalar faoliyatini tanqid qilishga, ularni “siyosiy mudroqlik”da ayblashga ham ulgurdi.
Biroq prezident hozirgacha Islom Karimov davrida mamlakatdan quvg’in qilingan siyosiy muxolifat haqida gapirmadi, O’zbekistonda siyosiy raqobatga ruxsat berilishi, mamlakat ochiq jamiyatga o’tishi mumkinligi hamon mavhum masala bo’lib qolmoqda.
Leave a Reply