Inson huquqlari AQSh uchun hamon prioritet masalami?

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi imzolanganiga 69 yil to’ldi. Ikkinchi jahon urushidan uch yil o’tib, 1948-yilning dekabrida qabul qilingan bu hujjat har bir davlat va uning fuqarosi uchun ozodlik, adolat va tinchlik garovi deb ko’riladi.

Deklaratsiya 500 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Jahon bo’ylab huquq har kuni muntazam va qo’pol ravishda buzilayotgan bugungi kunda uning ahamiyati yanada dolzarb, deya eslatmoqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonga ko’ra, mojarolar sabab uy-joyidan ayrilgan, repressiv hukumatlarga qarshi kurashayotgan va ekspluatatsiyaga uchragan insonlar uchun Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi umid mayog’i rolini o’taydi.

Har yili 10-dekabrda nishonlanuvchi inson huquqlari kunida Qo’shma Shtatlar demokratik tamoyillar va erkinliklarni himoya qilishga sodiq qolishini eslatmoqda. Har bir davlat o’z fuqarolarini teng ko’rib, himoya qilishi va ularning huquqlarini e’zozlashi kerak, deydi Tillerson.

Tanqid shuki, Donald Tramp prezidentlikka kelganidan buyon demokratiya va inson huquqlari targ’ibotiga e’tibor sezilarli darajada susaygan.

“O’tayotgan yilni bu masalalar bo’yicha sukunat bilan o’tkazdik. Bu ayniqsa Osiyoga safaringiz chog’ida yaqqol ko’zga tashlandi. AQSh delegatsiyasi inson huquqlarini, qorong’i qamoqxonalarda yotgan dissidentlarni tilga olmadi”, – deyiladi senatorlar Jon Makkeyn va Ben Kardin Prezident Trampga jo’natgan maktubda.

Tramp Oq uyga kelganida bir yil to’layapti, ammo o’nlab mamlakatlarga hanuz elchilar tayinlanmagan. Yangi byudjetda Davlat departamentiga mablag’ qariyb 30 foiz kamaytirilib, harbiy dasturlar uchun esa oshirilishi kutilmoqda.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.